
Xizmatlar
Shifokorlar
Shifokorlar
Bo‘limlar
Bo‘limlar
10.11.2026

10 496 nafar ishtirokchi, 67 ta davlat, minglab bosib o‘tilgan kilometrlar va yagona maqsad — salomatlik, harakat va yangi marralar! 2026-yil 7–8-noyabr kunlari Samarqand shahri O‘zbekistondagi eng yirik xalqaro sport tadbirlaridan biri — Samarkand Marathon 2026 markaziga aylandi. Marafon O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan tashkil etildi. Marafonda dunyoning 67 ta davlatidan jami 10 496 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ularning 2 103 nafari xorijiy sportchilar va yugurish ixlosmandlaridir. Ishtirokchilar 2 km, 5 km, 10 km, 21,1 km va 42,2 km masofalarda o‘zaro bellashdilar. Dasturdan bolalar hamda inklyuziv yugurish musobaqalari ham o‘rin olib, sport bayrami turli yoshdagi va jismoniy imkoniyatlarga ega insonlarni birlashtirdi.
AKFA Medline marafonning rasmiy tibbiy hamkori sifatida ikki kun davomida ishtirokchilarga professional tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minladi.
Tibbiy yordam — eng zarur joyda va kerakli vaqtda Minglab yuguruvchilarning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash AKFA Medline tibbiy jamoasining asosiy vazifalaridan biri bo‘ldi. Tibbiy xizmatni samarali tashkil etish maqsadida marafon tashkilotchilari shifoxona uchun start va finish hududlarida maxsus joylar ajratdilar.
Marafon hududida quyidagi tibbiy infratuzilma faoliyat ko‘rsatdi:
• 50 m² (5 × 10 m) maydondagi tibbiy chodir — finish hududidan chiqish qismida joylashtirilib, masofani bosib o‘tgan ishtirokchilarga yordam ko‘rsatish uchun xizmat qildi.
• 9 m² (3 × 3 m) maydondagi tibbiy punkt — bevosita start-finish hududida tashkil etildi.
• 2 ta tez tibbiy yordam avtomobili, jumladan, bitta reanimobil — favqulodda holatlarda tezkor yordam ko‘rsatish uchun maxsus ajratilgan hududga joylashtirildi.
• 7 nafar tibbiyot mutaxassisidan iborat jamoa — shifokorlar, rezidentlar va feldsherdan tashkil topdi.
Marafonning ikki kuni davomida AKFA Medline tibbiy jamoasiga jami 148 ta murojaat qayd etildi.
Mutaxassislar nafas olishda qiyinchilik, mushaklar tortishishi, og‘riq, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi hamda kuchli jismoniy yuklamalar vaqtida va undan keyin yuzaga keladigan boshqa holatlarda ishtirokchilarga tibbiy yordam ko‘rsatdilar. Marafon davomida ayollardan birining to‘satdan sog‘lig‘i yomonlashgani ham kuzatildi. AKFA Medline tibbiy jamoasi vaziyatga tezkor munosabat bildirib, unga zarur tibbiy yordamni ko‘rsatdi. Ushbu holat ommaviy sport tadbirlarida malakali tibbiyot xodimlarining ishtiroki naqadar muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Zero, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam inson salomatligi va xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Yirik sport tadbirlari tashkilotchilari bizga ishonch bildirmoqda
AKFA Medline keng ko‘lamli sport tadbirlariga, jumladan, MANGU musobaqalariga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tajribaga ega. Samarkand Marathon 2026 doirasidagi hamkorlik ushbu faoliyatning mantiqiy davomi bo‘lib, mutaxassislarimizning professionalligi va tajribasiga bildirilayotgan ishonchning yana bir tasdig‘iga aylandi. Xalqaro sport tadbirlari tashkilotchilari bilan hamkorlik AKFA Medline’ning ko‘plab ishtirokchilar qatnashadigan, yuqori mas’uliyat talab etiladigan sharoitlarda sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga qodir ishonchli tibbiy hamkor sifatidagi mavqeyini yanada mustahkamlamoqda.
Nafaqat salomatlik haqida qayg‘uramiz, balki o‘zimiz ham namuna bo‘lamiz
Marafonning AKFA Medline uchun yana bir muhim jihati Central Asian University (CAU) bilan birgalikdagi ishtirok bo‘ldi. Hamkorlik doirasida Samarkand Marathon tashkilotchilari AKFA Medline va CAU qo‘shma jamoasi uchun 30 ta ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tish o‘rnini taqdim etdilar. Shifokorlar, shifoxona xodimlari va universitet vakillari yugurish musobaqalarida shaxsan qatnashib, sog‘lom va faol turmush tarziga bo‘lgan sadoqatlarini namoyon etdilar. Bu AKFA Medline mutaxassislari bemorlarga muntazam jismoniy faollikni nafaqat tavsiya qilishlari, balki o‘zlari ham ushbu tamoyillarga amal qilishlarining yorqin namunasi bo‘ldi.
Bundan tashqari, marafon tashkilotchilari AKFA Medline uchun tadbir hududida 9 m² (3 × 3 m) maydondagi alohida brend-zona ajratdilar.
Ushbu hudud yuguruvchilar, shifoxona xodimlari, universitet vakillari va sport hamjamiyati a’zolari uchun uchrashuv maskaniga aylandi. Bu esa AKFA Medline’ning tadbirda nafaqat rasmiy tibbiy hamkor, balki faol ishtirokchi sifatidagi o‘rnini ham namoyon etdi.
Sport jarohatlarining oldini olish — missiyamizning muhim qismi
AKFA Medline’ning marafondagi ishtiroki faqat tibbiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qolmadi. Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri xavfsiz jismoniy faollik haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan ma’rifiy dastur bo‘ldi. Samarkand Marathon tashkilotchilari klinikamiz mutaxassisi uchun tadbirning ma’ruzalar dasturi doirasida alohida chiqish qilish imkoniyatini taqdim etdilar.
7-noyabr kuni AKFA Medline shifokor-ortoped-travmatologi quyidagi mavzuda 20 daqiqalik ma’ruza o‘tkazdi: «Og‘riqsiz yugurish: bo‘g‘imlar salomatligini qanday saqlash, jarohatlarning oldini olish va har bir kilometrdan zavq olish mumkin?» Ma’ruza davomida mutaxassis sport jarohatlarining oldini olish, yugurishga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish, jarohatlanish xavfini kamaytirish hamda bo‘g‘imlar salomatligini saqlashning asosiy tamoyillari haqida so‘z yuritdi. Ushbu ma’rifiy tashabbus tibbiy xizmatni amaliy tavsiyalar bilan to‘ldirib, yangi boshlovchilar va tajribali yuguruvchilar uchun foydali ma’lumotlar taqdim etish imkonini berdi.
AKFA Medline — salomatlik yo‘lidagi amaliy harakatlar
Samarkand Marathon 2026 AKFA Medline uchun shunchaki sport tadbiri emas, balki professional tibbiy yordam, kasalliklarning oldini olish, ma’rifat va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish yo‘lidagi shaxsiy ishtirokni birlashtirgan muhim voqea bo‘ldi. Ikki kunlik marafon, 67 ta davlatdan 10 496 nafar ishtirokchi, 148 ta tibbiy murojaat, AKFA Medline va CAUning 30 nafar yuguruvchidan iborat qo‘shma jamoasi hamda ma’rifiy dastur — bularning barchasi asosiy missiyamizni yana bir bor namoyon etdi: insonlar salomatligi haqida nafaqat so‘z bilan, balki amaliy harakatlar orqali ham g‘amxo‘rlik qilish.